O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan “AgroTech Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati delegatsiyasining Pokistonning Lahor shahriga amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Pokistonning qishloq xoʻjaligi texnikalari, xususan, traktorlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi, unda Oʻzbekiston va Pokiston rahbarlarining Toshkentga tashrifi chogʻida erishilgan yuqori darajadagi soha kelishuvlarini amalga oshirish istiqbollari, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, mamlakatimiz vakillari Pokistonning Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi, ‘‘Millat Tractors’’, ‘‘Al-Ghazi Tractors’’, Pokiston avtomobil va qishloq xo‘jaligi mashinalari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (PAAPAM), ‘‘Hamza Wazir Tractors’’, ‘‘Buraq tractors’’ kabi yetakchi iqtisodiy tuzilmalarida qo‘llanilayotgan ishlab chiqarish quvvatlari va texnologiyalari bilan tanishdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda, xususan, “AgroTech Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan traktorlar va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarining taqdimoti o‘tkazilib, mahsulotning afzalliklari va texnik xususiyatlariga oid hamkor tomon tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Pokistonda birgalikda traktorlar va turli qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston vakillari, shuningdek, Pokiston mashinasozlik bozori, jumladan, traktor texnikasi va qishloq xo‘jaligi texnikasi, mahalliylashtirish darajasi, soha qonunchiligi talablari bo‘yicha marketing ma’lumotlari bilan ham atroflicha tanishdi.
Muzokaralar natijasida ikki mamlakat iqlim sharoitiga moslashtirilgan 50-85 ot kuchiga ega traktorlar, boshqa qishloq xoʻjaligi texnikalari va ular uchun ehtiyot qismlarni birgalikda ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, mahsulotlar narxlarini optimallashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Muloqotni davom ettirish, “AgroTech Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan joyida tanishish va yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonga Pokistondan qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar taklif etildi.
+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz