«O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z kemalariga ega bo‘lishdan manfaatdor», – dedi O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Ozarbayjonning “Report.az” axborot agentligi manbasiga tayanib.
Bekzod Xolmatov Kaspiy dengizida o‘z kemalarining mavjudligi Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish hajmining oshishiga xizmat qilishini taʼkidladi. «O‘zbekiston ham Ozarbayjon bilan birgalikda kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor. – dedi u. – Toshkent bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini qurish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
O‘zbekiston dunyoda “ikki karra qulflangan” (double locked countries) toifasiga kiruvchi ikki davlatdan biridir. Bu shuni anglatadiki, okeanlarga chiqish uchun kamida ikkita davlat chegarasini kesib o‘tish kerak.
Shu bilan birga, transport vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston importchilari Boku porti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini va mineral o‘g‘itlar terminalini uzoq muddatga ijaraga olishni yoki uni yaratishga investitsiya kiritishni maqsad qilganini aytdi. Hozir bu masala o‘rganilmoqda, texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda O‘zbekistondan Boku porti orqali eksport-import yuk tashish hajmi 904 ming tonnani tashkil etdi, bu 2021-yilga nisbatan 65 foizga ko‘pdir. Oziq-ovqat yuklarini, jumladan, shakar xomashyosi, mineral o‘g‘itlar va konteynerlarni tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.
+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz