(Русский) Агентство по ИС

Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning joriy yil 20 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, O’zbekiston Intellektual mulk agentligi faoliyati isloh qilinadi. Asosiy diqqat-e’tibor xalqaro me’yorlar va standartlarga muvofiq intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofazalash tizimini takomillashtirishga, eskirgan va o’ziga xos bo’lmagan funktsiyalarni tugatishga, shuningdek zamonaviy interfaol davlat xizmatlarini tatbiq qilishga qaratiladi. 

Fan, adabiyot va san’at asarlari uchun mualliflik huquqlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish Agentlikning xalqaro huquqiy me’yorlarga muvofiq bo’lmagan tugatilayotgan funktsiyalari qatoriga kiritildi. Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Bern konventsiyasiga muvofiq, qayd etilgan asarlar uchun mualliflik huquqlari asarlarni yaratish holati bo’yicha yuzaga kelgan deb hisoblanadi.

Adliya vazirligi vakolatlarini takrorlovchi sifatida jamoaviy asosda mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlarning davlat ro’yxatidan o’tkazish funktsiyalari ham tugatilishi kerak. Bundan tashqari, O’zbekiston hududida intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni hisobga olishdan voz kechish rejalashtirilmoqda, chunki bu ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini ro’yxatdan o’tkazish bo’yicha amaldagi mexanizmni takrorlaydi.

Ushbu qaror bilan agentlikning asosiy vazifalari va yo’nalishlari qayta ko’rib chiqildi va agentlik ijroiya apparati tuzilmasiga o’zgartirishlar kiritildi. Uning umumiy soni 70 tadan 78 ta birlikkacha ko’paytirildi, bunda bosh direktorning ikkinchi o’rinbosari lavozimi qo’shildi.

Agentlikka 2017 yil oxirigacha patentlar uchun elektron arizalar berilishini va mazkur patent fondi umumiy foydalaniladigan bazasi tashkil qilinishini nazarda tutadigan axborot tizimini joriy qilish, shuningdek “bir oyna” tartib-qoidasi bo’yicha interfaol davlat xizmatlarini tatbiq qilish topshirildi. 

Matn: “Gazeta.uz”