“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–148-son, 20.04.2026-y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilga qadar 20 ming nafar yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishga mo‘ljallangan Yoshlar ishlari agentligining “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi, unga ko‘ra:
- mahalliy va xorijiy ekspertlar (konsultantlar) hamda xususiy sektor bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinadi, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida o‘qitish uchun yoshlar saralab olinadi;
- Dasturi doirasida biznes loyihasini ishlab chiqish, sotuvga chiqish va bozorni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bilimlar berib boriladi;
- loyiha yakunida yoshlarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshlarga Yoshlar ishlari agentligining sertifikati beriladi;
- sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarga BHMning 500 baravarigacha miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratiladi.
2026-yil 1-avgustdan tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga a’zolik badallari to‘langanligi hamda paxta va g‘alla yetishtirishidan qat’i nazar 2 yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.
2026-yil 1-iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga (elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘i) ulash bilan bog‘liq davlat xizmatlari xarajatlarining ko‘pi bilan BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz