O‘zbekistonning Buyuk Manchester ishbilarmon doiralari bilan hamkorligi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlantiriladi

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Manchester Savdo palatasining bosh ijrochi direktori Emma Holt bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida Emma Holt Manchester Buyuk Britaniyaning muhim iqtisodiy markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashda davom etayotganini, mamlakatning savdo-investitsiyaviy hamkorligi hamda transport-logistika infratuzilmasining asosiy markazlaridan biri sifatida muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Manchesterning sobiq meri Endi Bernem Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga tayinlangani, shuningdek, Bosh vazir apparatining Manchesterdagi vakolatxonasi ochilgani ushbu jarayonlarga yanada kuchli sur’at bag‘ishlamoqda.

Uchrashuv davomida qurilish va development, injiniring va sanoat ishlab chiqarishi, axborot texnologiyalari, shuningdek, moliyaviy va professional xizmatlar mintaqaning eng raqobatbardosh va istiqbolli tarmoqlari sifatida qayd etildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar ko‘p jihatdan Manchester rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga hamohang ekani, bu esa o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va umumiy manfaatlarga mos sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Manchester ishbilarmon doiralari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab oldilar.

Buyuk Manchester Savdo-sanoat palatasi Buyuk Britaniyaning eng yirik palatasi bo‘lib, qariyb 35 ming korxonani birlashtiradi. Palataga a’zo kompaniyalar 700 mingdan ortiq kishining bandligini ta’minlaydi, bu esa mintaqaning umumiy ishchi kuchining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. 230 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan ushbu palata tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, savdoni rivojlantirish, kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, biznes manfaatlarini davlat siyosati darajasida ilgari surish va kadrlar malakasini oshirishga ko‘maklashadi. Tashkilot har yili 10 mingdan ortiq biznes vakillari ishtirokida 150 dan ziyod tadbir o‘tkazadi hamda kompaniyalar, davlat organlari, investorlar va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi.