O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumi: yangi kelishuvlar va hamkorlik istiqbollari

5-avgust kuni Toshkent shahrida Qozog‘istonning “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati.

Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi Prezidiumi raisi Kanat Sharlapayev, davlat idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, 300 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forumda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda eksport imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2025 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 4,969 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 11,4 foizga oshgan.

Forumda Qozog‘istonning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari – qurilish, agrosanoat, yengil sanoat, mashinasozlik, logistika, tibbiyot, AKT va boshqa sohalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida tadbirkorlar o‘rtasida muzokaralar tashkil qilinib, qo‘shma investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi va yangi eksport yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi. Forum ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish uchun muhim maydonga aylandi.