O‘zbekiston Elchixonasi diplomatlari zamonaviy suv tozalash texnologik yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Britaniyaning ‘‘Cambi Group’’ kompaniyasi bosh direktori Per Lillebø bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida, shuningdek, Konglton shahridagi kompaniya zavodi ishlab chiqarish korxonasi hamda Severn Trent Water suv ta’minoti kompaniyasiga qarashli Strangforddagi oqova suvlarni qayta ishlash inshootiga tashrif buyurildi, unda ‘‘Cambi Group’’ texnologik yechimlari qo‘llaniladi. Ishtirokchilar ishlab chiqarish jarayonlari va qo‘llanilayotgan texnologiyalarning o‘ziga xos jihatlari bilan tanishdilar.
Per Lillebøning ta’kidlashicha, ‘‘Cambi Group’’ oqova suvlar cho‘kmasi va organik chiqindilarni samarali qayta ishlash uchun termik gidroliz jarayoni (Thermal Hydrolysis Process – THP) asosidagi yechimlarni ishlab chiqqan yetakchi texnologik kompaniyalardan biridir. Hozirgi vaqtda kompaniya texnologiyalari dunyoning 25 dan ortiq mamlakatidagi qariyb 100 ta tozalash inshootida qo‘llanilmoqda.
Xususan, ‘‘Cambi’’ uskunalari Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Norvegiya, Daniya, Ispaniya, Polsha, Hindiston, Xitoy, Singapur, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Amerika mamlakatlari, Marokash, Avstraliya, Janubiy Koreya va Yaponiyada keng qo‘llaniladi.
Ta’kidlanganidek, ‘‘Cambi’’ texnologiyalari kanalizatsiya cho‘kmasi hajmini ikki baravargacha qisqartirish, bioo‘g‘it va biogaz ishlab chiqarish samaradorligini 50 foizgacha oshirish, shuningdek, yoqimsiz hidsiz va qishloq xo‘jaligida bevosita foydalanishga yaroqli qayta ishlangan mahsulot olish imkonini beradi.
‘‘Cambi’’ vakillari O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suv tizimi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zining ilg‘or texnologik yechimlarini taklif etgan holda yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ushbu texnologiyalar O‘zbekistonning tozalash inshootlari samaradorligini oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha maqsadlariga to‘liq mos kelishi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ‘‘Cambi Group’’ kompaniyasini O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
‘‘Cambi Group’’ oqova suvlarni tozalash inshootlari uchun innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, injiniring xizmatlarini ko‘rsatish va uzoq muddatli texnik qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 1989-yilda tashkil etilgan.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz