Hindistonning yetakchi kompaniyalari Yangi Toshkent loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Hindistonning yirik kompaniyalari Yangi Toshkent hududida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda yetakchi hind kompaniyalarini Yangi Toshkentdagi loyihalarga jalb etish maqsadida Hindistonning yirik kompaniyalari vakillari uchun tashrif tashkil etildi. Tashrif 15–16-oktabr kunlari O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustambayev hamrohligida bo‘lib o‘tdi. Unda “Larsen & Toubro” kompaniyasi vitse-prezidenti Rajan Bansal, “Adani Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi loyihalar bo‘yicha maxsus vakili Anand Kumar hamda “Reliance Industries” kompaniyasining xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Mahesh Kumar ishtirok etdi.

Tashrif O‘zbekiston Prezidenti raisligida 12-oktabr kuni Yangi Toshkent hududiga xorijiy investorlarni jalb etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Dasturdan Prezident raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika sohasidagi Investorlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish hamda Yangi Toshkent hududidagi istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishish o‘rin oldi.

Investorlar kengashi yig‘ilishida “Reliance Industries” vakili Mahesh Kumar so‘nggi yillarda O‘zbekiston energetika sohasida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarni yuqori baholab, kompaniya quyosh elektr stansiyalarini qurish hamda elektr energiyasini saqlash tizimlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Yangi Toshkentga tashrif davomida shahar direksiyasi rahbariyati shaharni rivojlantirish rejalari va investitsiyaviy imkoniyatlar, jumladan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, markazlashtirilgan issiqlik ta’minotini tashkil etish, turar joy va noturar joy majmualari, yirik tijorat obyektlari hamda zamonaviy savdo-ko‘ngilochar markazlarini qurish loyihalarini taqdim etdi. Taqdimotlarda Yangi Toshkentni zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribani joriy etish, shuningdek, xorijiy xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Hindiston kompaniyalari vakillari taqdim etilgan loyihalarga qiziqish bildirishdi hamda ularni batafsil o‘rganish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi. Tashrif yakunida tomonlar taklif etilgan loyihalarni o‘rganish va muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.