Abu-Dabida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning BAAdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Umid Shodiyev Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi suveren investitsiya fondlaridan biri — Mubadala Investment Company rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar o‘zaro ishonch va strategik sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladilar.

Muzokaralar doirasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqishni davom ettirish va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Mubadala Investment Company vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.