O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Maroof International Hospital” tashkiloti rahbari Nosir Ahmad bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim va tibbiy turizm sohalaridagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
“MAROOF International Hospital” ishtirokida O‘zbekistonda zamonaviy diagnostika markazi yoki ixtisoslashtirilgan tibbiyot klinikasini tashkil etish, istiqbolda esa “Maroof International Hospital” brendi ostida to‘laqonli tibbiyot muassasasini ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston tomoni mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Dastlabki bosqichda O‘zbekistonning tibbiyot texnikumlari bilan hamkorlikda 3 oydan 6 oygacha davom etadigan qisqa muddatli ta’lim dasturlarini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu dasturlar doirasida o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari — hamshiralar, laboratoriya diagnostikasi mutaxassislari, shoshilinch tibbiy yordam xodimlari va boshqa mutaxassislarni zamonaviy usul va yondashuvlar asosida tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar, shuningdek, “Maroof International Hospital”ning malakali mutaxassislari ishtirokida onlayn mashg‘ulotlar, mahorat darslari va amaliy treninglar o‘tkazish, tibbiy ta’lim muassasalari talabalari uchun qisqa muddatli stajirovka va amaliyotlarni tashkil etish, shuningdek, tajriba almashishning tizimli mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Pokiston vakili Buxoro viloyatida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarni Pokiston bozoriga eksport qilishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar davomida tibbiy turizmni rivojlantirish va O‘zbekiston hamda Pokiston o‘rtasida bemorlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Pokiston fuqarolariga O‘zbekistonda zamonaviy tibbiy diagnostika, davolash va sog‘lomlashtirish xizmatlarini kompleks tarzda ko‘rsatish hamda ularni turistik dasturlarga integratsiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga “Maroof International Hospital” klinikalarida tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohalaridagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar bilan to‘ldirish ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
“Maroof International Hospital” 2009-yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda klinika ko‘p tarmoqli xususiy tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Shifoxonada kardiojarrohlik, bolalar kardiojarrohligi, neyrojarrohlik, minimal invaziv jarrohlik, ginekologiya, pediatriya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiy yordam kabi yo‘nalishlarda bo‘lim va xizmatlar faoliyat yuritadi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz