Polshaning «ATT Logistics» kompaniyasi bazasida «Polsha – O‘zbekiston» logistika xabi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Logistika xabi Yevropa Ittifoqining grant loyihasi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar delegatsiyasining Polshaga tashrifi chog‘ida tashkil etildi. Mazoviya voyevodaligida joylashgan «ATT Logistics» xalqaro yuk tashish sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Yevropa Ittifoqi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam yuk tashuvlarini amalga oshiradi. Uning parkida «Euro-6» standartiga javob beradigan 100 dan ortiq zamonaviy yuk avtomobili mavjud bo‘lib, ochiq va yopiq omborxonalarning umumiy maydoni 15 ming kvadrat metrdan oshadi. Logistika xabi uchun 1 ming kvadrat metr maydon ajratilgan.
Xab tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, milliy mahsulotlarni Yevropa bozoriga tizimli va tezkor yetkazib berish, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik savdo tarmoqlariga to‘siqsiz kirib borishni ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Yatsek Chernyak, Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash milliy markazi (KOWR), «Wody Polskie» davlat suv xo‘jaligi hamda boshqa tashkilotlar rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Delegatsiya Polshaning yetakchi sanoat va savdo obyektlarida bo‘lib, ularning ishlab chiqarish quvvatlari va texnologiyalari bilan tanishdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi va kommunal texnika ishlab chiqaruvchi «Pronar» zavodi, organik mahsulotlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi «Dary Natury» kompaniyasi, modulli mebel tizimlari ishlab chiqaruvchi «Verifis» korxonasi hamda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchi «MOSCIBRODY» korxonasiga tashrif buyurildi. «Topaz» mintaqaviy savdo tarmog‘i rahbariyati bilan eksport-import masalalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz