O‘zbekiston elchixonasida Malayziya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani, hududiy hokimliklar esa investitsiya loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshib, 2025-yilda 43 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Mamlakatda qulay investitsiya muhiti izchil shakllantirilayotgani va amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy natijalar berayotgani ta’kidlandi.
Taqdimot ishtirokchilariga Malayziya bilan o‘zaro savdoni yanada rivojlantirish uchun O‘zbekistonning eksport salohiyati ham taqdim etildi. Xususan, yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari, yuqori darajada qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, rangli metallardan tayyorlangan buyumlar va zargarlik mahsulotlari, to‘qimachilik hamda kimyo mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Tadbir davomida “Masuria Travel Sdn Bhd” kompaniyasi rahbari Eназ Суриа O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, shuningdek, mamlakatda biznes yuritish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘zlab berdi. U hozirgi vaqtda O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar shakllanganini ta’kidlab, tadbir ishtirokchilarini o‘z biznes g‘oyalari bilan respublika hududlariga tashrif buyurishga va yangi imkoniyatlarni kashf etishga chaqirdi.
Mamlakatda katta sig‘imli ichki bozor va keng xomashyo salohiyati mavjudligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston hududlaridagi erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalarga taqdim etilayotgan jozibador soliq imtiyozlari Malayziya investorlari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinayotgani ham qayd etildi.
Tadbirda ishtirok etgan “NC Civil Construction and Engineering Sdn Bhd” kompaniyasi rahbari O‘zbekistonning qurilish sohasidagi salmoqli salohiyati va keng imkoniyatlarini ta’kidladi. O‘z navbatida, “Klinik InoCare” kompaniyasi vakili O‘zbekistonda tibbiy turizm sohasida faoliyatni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Tadbir yakunida 2027-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga biznes tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz