Belarusning Mogilyov shahrida «Yangi Toshkent» shaharini qurish bo‘yicha davlat muassasasi — «Yangi Toshkent shahri qurilishi direksiyasi» vakillari ishtirokida «Yangi Toshkent» loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbir Belarus Savdo-sanoat palatasining Mogilyov bo‘limida bo‘lib o‘tdi. Unda «Mogilevoblselstroy», «Mogilevgrazhdanproyekt», «Stroytrest-Holding», «Promzhilstroy» va «Mogilyov DSK» kabi 10 ta yirik qurilish va loyiha tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Ularga yangi shaharda zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini barpo etish, shuningdek, energiya tejovchi va «aqlli» texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi.
Taqdimot yakunlariga ko‘ra, Belarus ishbilarmon doiralari loyiha doirasida ishtirok etish istiqbollarini o‘rganishi hamda joyida batafsil muzokaralar olib borish uchun yanvar oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Belarus Savdo-sanoat palatasi Mogilyov bo‘limi raisi Gennadiy Cherniy bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda viloyat korxonalarining O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi qayd etildi. Shu munosabat bilan yanvar oyida tashrif buyuradigan delegatsiya tarkibiga ushbu soha tadbirkorlari ham kiritiladi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz