Bavariya federal yeriga tashrifi doirasida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan «Usbekistan-Forum 2026 In München» forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida «Klett EDU GmbH» kompaniyasi tomonidan «Ost-West-Wirtschaftsforum» bilan hamkorlikda Bavariya parlamenti (Landtag) joylashgan tarixiy «Maximilianeum» binosida tashkil etildi.
Forumda Bavariyaning Yevropa ishlari va xalqaro aloqalar bo‘yicha sobiq davlat vaziri, Landtag deputati Erik Baysvenger, Germaniya Bundestagi deputati Stefan Mayer, mintaqaviy parlament vakillari, tibbiyot muassasalari, korxonalar va kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlari hamda vakillari, vatandoshlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy salohiyati, boy tarixi hamda turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Bavariya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ishbilarmon doiralar va ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Kasbiy ta’lim, mehnat migratsiyasi va malakali kadrlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. «Klett EDU» vakillari kompaniya tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot berdilar. Tomonlar mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish mexanizmlari, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Germaniyada kasbiy ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bavariya mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda tibbiyot va parvarish, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda logistika sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Forum doirasida Germaniyaning «Trescher Verlag» nashriyoti vakili Xolger Krechmar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, u nashriyot tomonidan mamlakatimiz haqida chop etilgan sayohat qo‘llanmasini ishtirokchilarga taqdim etdi.
O‘zbekiston me’morchiligiga oid qator kitoblar muallifi, taniqli nemis me’mori va noshiri, professor Filipp Moyzer Toshkentning me’moriy merosi va shaharsozlik tarixi haqida ma’ruza qildi. U qadimiy «Oqtepa» va «Ming‘urik» arxeologik yodgorliklari, poytaxt me’morchiligi rivojlanishining asosiy bosqichlari, shuningdek, ko‘p qavatli binolar fasadlaridagi noyob mozaikalarni o‘rganish, xaritalash va xalqaro miqyosda ommalashtirish loyihalari haqida so‘zlab berdi.
Forum milliy o‘zbekona mehmondo‘stlik bilan yakunlandi. Mehmonlar uchun an’anaviy taomlar, jumladan, dasturxon ko‘rki bo‘lgan o‘zbek palovi tortildi. Samimiy va do‘stona muhitda ishtirokchilar o‘zaro aloqalarni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashishni davom ettirdilar.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz