Rigada O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va «Yangi Toshkent» loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston elchixonasi Latviya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish sur’atlari, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, qo‘shma investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Ishtirokchilarning alohida e’tibori «Yangi Toshkent» yirik shaharsozlik loyihasiga qaratildi. Uning strategik ahamiyati va xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi keng imkoniyatlarini inobatga olgan holda, alohida taqdimot tashkil etildi. Unda loyihaning konsepsiyasi va asosiy parametrlari, infratuzilma tarkibiy qismlari, qurilishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni loyihaning ayrim tarkibiy qismlarini amalga oshirishga jalb etish imkoniyatlari batafsil yoritildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar Latviya ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir ishtirokchilari «Yangi Toshkent» loyihasining investitsiyaviy imkoniyatlari bilan yanada kengroq tanishish, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini o‘rganish hamda bo‘lajak o‘zbekistonlik hamkorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida joriy yilning noyabr-dekabr oylarida Latviya Savdo-sanoat palatasi rahbariyati boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrifdan maqsad mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati bilan joyida tanishish, istiqbolli obyektlarga tashrif buyurish, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda mahalliy biznes vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishdan iborat.