Toshkent shahrida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va O‘zbekiston Hukumati qo‘shma ishchi guruhining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va O‘zbekiston Hukumati qo‘shma ishchi guruhining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Uchrashuvga YeIKning integratsiya va makroiqtisodiyot bo‘yicha vaziri Daniyar Imanaliyev hamda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ibrohim Ergashev hamraislik qildi.

Tadbirda YeIK vakillari, O‘zbekistonning tegishli idoralari, YeOIIga a’zo davlatlar va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

O‘zaro savdoning ijobiy dinamikasi qayd etildi: so‘nggi to‘rt yilda YeOII mamlakatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 80 foizga oshdi, 2025-yilda esa 16 foizga o‘sib, qariyb 21 mlrd AQSH dollariga yetdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 mingtaga yetdi.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining ijrosini ko‘rib chiqdilar.

Alohida e’tibor 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik rejasini tayyorlashga qaratildi. Ushbu reja savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan.