Tokioda O‘zbekistonning Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorligini kengaytirish tashabbuslari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish doirasida O‘zbekiston diplomatlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha ijrochi direktori Fusato Tanaka bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tomonlar qo‘shma loyihalarning amalga oshirilish jarayoni, ularni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq dolzarb masalalar hamda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi taklif va tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, diplomatlar Yaponiya tomonini Yangi Toshkent shahrini qurish loyihasiga jalb etish, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yaponiya bozoriga yetkazib berishni ta’minlash maqsadida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturini ishlab chiqish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdilar.

Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos yangi tashabbuslarni ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.