Urumchi shahrida (XXR) 9-xalqaro «Xitoy – Evroosiyo EKSPO» koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

2026-yilning 25-29-iyun kunlari Urumchi shahrida (XXR) 9-xalqaro «Xitoy – Evroosiyo EKSPO» koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Mazkur nufuzli tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyaviy va eksport salohiyati keng koʻlamda namoyish etildi. 2011-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu nufuzli forum Evroosiyo davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashda asosiy maydon vazifasini oʻtab kelmoqda.

Tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan «Made in Uzbekistan» Milliy paviloni tashkil etildi hamda koʻrgazma doirasidagi forumlarning ishchanlik dasturida faol ishtirok taʼminlandi.

Ekspozitsiya maydonida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, raqobatbardosh mahsulotlarning keng turdagi namunalari, jumladan, yengil va oziq-ovqat sanoati tovarlari taqdim etildi. Yurtimizning sanoat salohiyati namoyishi xorijiy ishbilarmon doiralar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, istiqbolli kelishuvlarni ishlab chiqish hamda Oʻzbekistonning xalqaro bozordagi mavqeini tizimli ravishda mustahkamlashga xizmat qildi.