Shanxayda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi

Shanxayda O‘zbekistonga investitsiya kiritish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir Shanxay shahar Iqtisodiyot va axborotlashtirish komissiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda komissiya raisining o‘rinbosari Xe Yun, Xitoyning tegishli davlat idoralari vakillari hamda 50 dan ortiq yetakchi kompaniyalar ishtirok etdi.

Xe Yun ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining strategik markazi, shuningdek, Shanxaydagi ishlab chiqarish korxonalari uchun xavfsiz va istiqbolli bozor hisoblanadi.

Seminar davomida korxonalar globallashuv jarayonida duch kelayotgan huquqiy va madaniy masalalar, shuningdek, resurslarni taqsimlash bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar mazkur seminar Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Tadbirda O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “INDRA E-Commerce Service Co., Ltd.”, “SUS Environment”, NIO va boshqa kompaniyalar vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, investitsiya muhiti va qonunchilik asoslari haqida ma’lumot berdilar.

Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlari, qulay ishbilarmonlik muhiti, shuningdek, mamlakatimizning Yevropa va mintaqaviy bozorlarga chiqish uchun logistika va infratuzilma sohasidagi afzalliklari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Seminar yakunlari bo‘yicha xitoylik tadbirkorlarning O‘zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.