Yaponiyada Toshkent viloyatida zamonaviy shisha ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish va boshqa loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi

Yaponiya tashrifi doirasida Toshkent viloyati hokimligi delegatsiyasi “Manekiya Glass Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Yoshishige Okuyama hamda “E-trans Corporation” kompaniyasi prezidenti Shinichiro Ichiguchi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Manekiya Glass Co., Ltd.” shishani qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, bosh ofisi Osaka prefekturasining Higashiosaka shahrida joylashgan. Kompaniyaning Higashiosaka va Mie prefekturasidagi Iga shahrida zavodlari, shuningdek, Yaponiyaning yetti shahrida filiallari faoliyat yuritadi. Korxona shisha paketlar, egilgan, toblangan va ko‘p qatlamli shisha ishlab chiqaradi hamda 500 nafar xodimni ish bilan ta’minlaydi. “E-trans Corporation” savdo faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Toshkent viloyati vakillari yapon tomoniga hududda toblangan, ikki qatlamli va ko‘p qatlamli shisha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etishni taklif qildi. Shuningdek, 2027-yilning birinchi choragida qurilish kompaniyalari va buyurtmachilar ishtirokida B2B uchrashuvlarini o‘tkazish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun kompaniya zavodlarida Yaponiyada stajirovka tashkil etish taklif qilindi.

Bundan tashqari, Yangi Toshkentda “Japan Plaza” investitsiya loyihasini amalga oshirish va yapon brendlarini Toshkent viloyatiga jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.