O‘zbekiston elchixonasida yaqinda tashkil etilgan «Business Diplomat» tadbirkorlar birlashmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan kimyo sanoati, chiqindilarni qayta ishlash, uy-joy qurilishi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va savdosi, bank-moliya sektori, investitsiya sohasi hamda intellektual mulk yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar o‘rin oldi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’atlari, o‘zaro savdo va investitsiyaviy aloqalarning o‘sishi, shuningdek, ularning ikki mamlakat munosabatlarini mustahkamlashdagi ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar o‘zbek eksporti turlari va hajmini AQShga kengaytirish, yangi sotuv bozorlarini izlash hamda mahalliy mahsulotlarni Amerika bozorida ilgari surish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, AQSh texnologiyalari, zamonaviy xizmatlari va milliy iqtisodiyot uchun talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarini O‘zbekistonga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar kaustik soda ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash, turar joy va tijorat obyektlarini qurish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bank-moliya xizmatlari, portfel investitsiyalari hamda intellektual mulkni himoya qilish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, biznes yuritishda AQSh qonunchiligi va me’yoriy talablariga rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Diplomatlar ko‘magida delegatsiya uchun Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi, AQSh Savdo vazirligi, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), «White & Case» xalqaro yuridik firmasi vakillari, shuningdek, AQShda doimiy faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan alohida B2B uchrashuvlar tashkil etildi.
Muzokaralar yakunida «Business Diplomat» birlashmasi bilan hamkorlikni davom ettirish, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning AQSh bozoriga chiqishiga ko‘maklashish va yangi investitsiya tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Keyingi bosqichda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari qatorida kaustik soda, alyuminiy profillar va qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarish uchun amerikalik hamkorlarni izlash, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari belgilandi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz