Joriy yilning 20–28-oktabr kunlari O‘zbekistonda Quvayt, Iroq va Suriyaning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya bo‘lib turdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tashrif davomida Yangi Toshkent direksiyasi, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikning qator yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Xususan, Suriyaning “Oulabi” xoldingi vakillari bilan uchrashuvlarda “Yangi Toshkent” hududida zamonaviy turar joy majmualarini qurish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Suriyalik investorlar mahalliy qurilish kompaniyalari — “Murad Building” va “Hayot Group” bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Quvaytlik investorlar bilan muzokaralarda ko‘p funksiyali savdo majmuasini qurish, xususiy bank tashkil etish va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Euro Sky Investment” va “Noor Financial Investment Co” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iroqning “Al-Khafaji Holding Group” va “Al-Wateen & Al Razan” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlarda qurilish, ko‘chmas mulk va savdo infratuzilmasi sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, “Sarmed Al Khafaje” brendi ostida zargarlik buyumlari savdo nuqtalari tarmog‘ini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar taklif etilgan loyihalarni batafsil o‘rganish va muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar. Shu bilan birga, xorijiy investorlarning takliflarini aniq loyihalarga aylantirish, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va dastlabki kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ushbu tashabbuslar “Yangi Toshkent”ning xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, O‘zbekistonning arab mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyatga ega.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz