Italiyaning Apuliya viloyati O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekistonning Italiyadagi Elchixonasi tashabbusi bilan Apuliya viloyati ma’muriyati hamda viloyat Savdo-sanoat palatalari ittifoqi bilan hamkorlikda Bari shahrida “O‘zbekiston diqqat markazida” mavzusida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbir Apuliya ishbilarmon doiralari vakillariga O‘zbekistonni tanishtirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda biznes va investitsiyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berish maqsadida tashkil etildi.

Forumda qariyb 100 ta kompaniya vakillari ishtirok etdi. Tadbirning ochilishida O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining rivoji, xorijiy investorlar uchun mavjud imkoniyatlar va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.

Mintaqaviy Savdo-sanoat palatalari ittifoqi — “Unioncamere” prezidenti Vinchenso Chezaro va Apuliya viloyati iqtisodiyot vaziri Yevgenio Di Shiasho O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos jihatlari va salohiyati yuqori ekanini qayd etib, mamlakatni Apuliya va Italiyani Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan hamda butun mintaqa bozorlariga chiqish imkonini beruvchi strategik hamkor sifatida istiqbolli ekanini ta’kidladilar.

O‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida Italiya tomoni O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi. Muzokaralar yakunida joriy yilning noyabr oyida Apuliya tadbirkorlarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Missiya doirasida Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ko‘chat yetishtirish, bog‘dorchilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar va fermer xo‘jaliklariga tashrif buyurish rejalashtirilmoqda.