O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning «Silkharvest Agro Sdn. Bhd.» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Muhammad Anvar hamda Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish agentligi (MADA) vakili bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida sholichilikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya rahbari O‘zbekiston hududlarida sholini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga hamda ushbu maqsadlar uchun Malayziya investitsiyalarini jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Malayziya tomoni taqdim etgan loyiha sholini sanoat miqyosida yetishtirish, xo‘jalikni boshqarishning zamonaviy tizimini joriy etish, sug‘orish va drenaj tizimlarini rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish hamda ilg‘or dehqonchilik texnologiyalarini tatbiq etishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, loyihada sholini qayta ishlash (qobig‘idan ajratish), qadoqlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnik hamkorlik, texnologiyalar transferi va mahalliy kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligi ta’minot zanjirlarini shakllantirish hamda tashqi bozorlarga chiqish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida MADA «Silkharvest Agro Sdn. Bhd.» kompaniyasiga texnologik hamkor sifatida ko‘maklashishi, sholichilik klasterini tashkil etishda Malayziyaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga yordam berishi rejalashtirilgan.
MADA 1970-yilda Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi huzurida tashkil etilgan. Agentlik sholichilik, suv resurslarini boshqarish, sug‘orish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi va fermerlar daromadlarini oshirish masalalariga ixtisoslashgan.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz