Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda gigiyena va parvarish vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Malayziyaning «Farmasia Sdn Bhd» kompaniyasi O‘zbekistonda yara parvarishi, gigiyena va shaxsiy parvarish vositalarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritish hamda ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Hamkorlik istiqbollari O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevning kompaniya asoschisi Muhammad Zaid Ab Rahman va bosh ijrochi direktori Zohrah Razak bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Tomonlar zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etgan holda kompaniya mahsulotlarini O‘zbekiston hududida birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. «Farmasia Sdn Bhd» vakillari mintaqadagi o‘sib borayotgan sog‘liqni saqlash bozoriga chiqish maqsadida mahsulotlarni qadoqlashdan boshlagan holda mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Birinchi bosqichda mintaqaviy bozor uchun eng talabgir yara tozalash va parvarishlash vositalari, shuningdek, jismoniy sovitish va noqulaylikni yengillashtirishga mo‘ljallangan maxsus gellarni tanlab olish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, marketing tadqiqotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi bosqich mahsulotlarni «ISO 8» tozalik standartlariga muvofiq ikkilamchi qadoqlash bo‘yicha mahalliy quvvatlarni yaratishni nazarda tutadi.

Uchinchi bosqichda kompaniya yetkazib berish tarmog‘ini rivojlantirish, davlat xaridlari va tenderlarda ishtirok etish, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlari bozorlariga chiqish uchun qadoqlash quvvatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

To‘rtinchi bosqich tarkiblarni tayyorlash va komponentlarni aralashtirish jarayonlarini mahalliylashtirishni nazarda tutadi. Bu ishlab chiqarishni yanada chuqurroq mahalliylashtirish hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga yetkazib berish hajmini kengaytirish imkonini beradi.

«Farmasia Sdn Bhd» kompaniyasi 2007-yilda tashkil etilgan. Dastlab kompaniya shifoxonalar, klinikalar va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarini tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan. Hozirgi vaqtda esa yara tozalash va parvarishlash vositalari, shuningdek, jismoniy sovitish va qulaylikni oshirishga mo‘ljallangan maxsus gellar ishlab chiqaradi.