Yangi Toshkent BAA biznesining investitsiyaviy qiziqishini jalb qilmoqda

O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi «Plenary Group» investitsiya kompaniyasining Yaqin Sharq bo‘yicha bo‘linmasi bosh direktori Oliver Barbagallo bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilib, Yangi Toshkent hududidagi infratuzilmaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga alohida e’tibor qaratdilar.

Kompaniya vakiliga keng ko‘lamli qurilish ishlari, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari, O‘zbekistonning investitsiya muhiti hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kapital kiritishning istiqbolli yo‘nalishlari taqdim etildi.

Oliver Barbagallo «Plenary Group» kompaniyasining Yangi Toshkentda ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, ma’muriy obyektlarni qurish bilan bog‘liq yirik loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar istiqbolli investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.