O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida pokistonlik investorlar Muhammad Faysal Ikromulloh va Rehman Aziz Xanning Qoraqalpog‘istonga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tashrifdan asosiy maqsad O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda qo‘shma tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdilar. Xorijiy investorlarni respublika Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga xorijiy kapitalni jalb etish, yangi ishlab chiqarish va logistika loyihalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, pokistonlik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 500 ming dollar bo‘lgan investitsiya dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi. Muzokaralar ishtirokchilari loyihalarning istiqbolli yo‘nalishlari, mintaqaning mavjud resurslari va hamkorlikning amaliy mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.
Pokistondan Qoraqalpog‘istonga muzlatilgan halol mol go‘shti yetkazib berishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mahalliy importyorlar va potensial hamkorlar bilan mahsulotni yetkazib berish, saqlash va taqsimlash masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya Nukusdagi sovutkich omborlariga ham tashrif buyurdi. Ko‘rib chiqilayotgan tashabbuslar qatorida 100 tonna sig‘imli sovutkich omborini tashkil etish hamda yetkazib berish logistikasini soddalashtirish maqsadida Nukus xalqaro aeroportidagi «yashil yo‘lak» imkoniyatlaridan foydalanish masalalari bor.
Bundan tashqari, tomonlar pilot loyihani yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildilar. Uni amalga oshirish uchun yaylovlar va yer uchastkalarini ajratish, ozuqa bazasini shakllantirish hamda veterinariya xizmatini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar yakunida istiqbolli tashabbuslar bo‘yicha amaliy ishlarni faollashtirish va qo‘shma loyihalarni tayyorlash jarayonini jadallashtirishga kelishib olindi.
Mazkur biznes-missiya joriy yilning 30-iyunidan 4-iyuliga qadar Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi. O‘shanda Farhod Ermanov boshchiligidagi hududiy delegatsiya Pokistonning yetakchi investorlari bilan qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazgan edi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz