Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi Hindistonda oʻtkazilgan BRICS parlament forumida qatnashdi

Joriy yilning 26–27-oktabr kunlari Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi Hindistonning BRICSga raisligi doirasida boʻlib oʻtgan 12-parlament forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Forumda inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan taraqqiyotni taʼminlash, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Orzigul Qozixonova “Innovatsiyalar: sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan innovatsiyalarni parlamentlar salohiyati orqali ilgari surish” mavzusidagi panel sessiyasida maʼruza bilan qatnashdi. Senator oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ularning imkoniyatlarini inson manfaatlariga yoʻnaltirish hamda ushbu jarayonda parlament rolini kuchaytirish borasidagi tajribasini taqdim etdi.

Forum doirasida delegatsiya aʼzolari Hindiston parlamenti Quyi palatasi – Lok Sabha Spikeri Om Birla hamda Hindiston parlamentidagi Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh rahbari Ganesh Singh bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Muloqotlarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.

Xususan, hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish, muntazam uchrashuvlar oʻtkazish, parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish va tajriba almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy, taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.