Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Gonkong Xitoy ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (CMA) prezidenti boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi

19-oktabr kuni “Yangi Toshkent” direksiyasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev Gonkong Xitoy ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (CMA) prezidenti Vinko Lo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Muzokaralarda Gonkongning sanoat, savdo, moliya va zamonaviy texnologiyalar sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari hamda moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi.

Yangi Toshkent loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Zamonaviy infratuzilma, tijorat obyektlari va xizmat ko‘rsatish korxonalarini barpo etish, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma korxonalar tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi. Investitsiyaviy tashabbuslarni yanada ishlab chiqish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.