Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Joriy yilning 7-may kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Marko Jurich bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sanoat va transport sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik hamda turizm kabi strategik muhim tarmoqlarda amaliy sheriklikni chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqish alohida qayd etildi.

Tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiluvchi Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim kuchga kirganini mamnuniyat bilan kutib oldilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.