Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Serbiya Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalariga mas’ul vaziri bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi

13-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Serbiya Respublikasining xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalariga mas’ul vaziri Nenad Popovich bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.

Tomonlar O‘zbekiston–Serbiya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarining rivojlanishi hamda ularni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Joriy yilning kuzida Belgrad shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Aniq savdo va investitsiya tashabbuslari muhokama qilindi. Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, mashinasozlik, to‘qimachilik sohasi va transport infratuzilmasi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Muzokaralar yakunida o‘zaro savdo hajmini oshirish va yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.