Toshkent viloyati energetika va raqamli iqtisodiyot sohalariga Yaponiya texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Tokioda Yaponiyaning “SYSKO Inc.” va “Shinmei Holdings Co., Ltd.” kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“SYSKO Inc.” kompaniyasi rahbari Ken’ichi Yamada bilan uchrashuvda elektr energiyasi uzilishlari vaqtida korxonalar va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga mo‘ljallangan avtonom elektr ta’minoti tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Kompaniya 20 futli konteynerga joylashtirilgan, quvvati 100 kVt bo‘lgan generator va sig‘imi 100 kVt·soatlik akkumulyator bilan jihozlangan qurilmani taqdim etdi. Uni elektr ta’minotida uzilishlar kuzatiladigan Toshkent viloyatidagi obyektlardan birida olti oy davomida sinovdan o‘tkazish taklif qilindi.

Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, ushbu texnologiyani boshqa sanoat va ijtimoiy soha obyektlarida ham joriy etish, shuningdek, viloyatda konteynerli energetika tizimlarini yig‘ish va ularga xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahalliy oliy ta’lim muassasalari talabalari va yosh dasturchilar uchun onlayn o‘quv dasturini tashkil etish, keyinchalik istiqbolli loyihalar mualliflarini yapon kompaniyasining startap dasturlariga jalb qilish taklif etildi.

Bundan tashqari, “Shinmei Holdings Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Fujio Misuo bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash, keyinchalik ularni Yaponiyaga eksport qilish istiqbollarini, shuningdek, “Genki Sushi” va “Uobei” kabi taniqli yapon restoran brendlarini hududga jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar taklif etilgan tashabbuslarni qo‘shimcha o‘rganish, ularning texnik va iqtisodiy samaradorligini baholash hamda istiqbolli qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi.