Toshkent viloyati Yaponiyaning Aichi prefekturasi biznesini qo‘shma sanoat va investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda

Yaponiyaning Nagoya shahrida Aichi prefekturasining siyosiy va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida Toshkent viloyati bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “SYS Holdings” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Yaponiya parlamenti deputati Takako Suzuki, Aichi prefekturasi vitse-gubernatori Yukio Eguchi, prefekturaning sobiq gubernatori Masaaki Kanda, mahalliy hokimiyat organlari, moliya institutlari va yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Ishbilarmon doiralar “Sumitomo Mitsui Banking Corporation”, “SMBC Nikko Securities”, “Hyakugo Bank”, “TOPPAN”, “Itochu Techno-Solutions”, “Fuji Dream Airlines”, “Kaikoukai” va boshqa kompaniyalar vakillari tomonidan namoyish etildi.

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini taqdim etib, yapon kompaniyalarini sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

Takako Suzuki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va iqtisodiy rivojlanishning jadal sur’atlarini yuqori baholab, ular yapon biznesi uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u Aichi prefekturasi tadbirkorlarini Toshkent viloyati bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga chaqirdi.

Ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga, jumladan, yapon harbiy asirlarining Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri qurilishidagi ishtirokiga hamda o‘zbek xalqining yapon qabristonlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lib kelishiga alohida e’tibor qaratildi.

“AIGA” kompaniyasi rahbariyati bilan alohida uchrashuvda IT-mutaxassislarini tayyorlash va ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Kompaniya o‘zbekistonlik IT yo‘nalishidagi talabalar va yosh mutaxassislarni Yaponiyada ishga qabul qilishga tayyorligini bildirdi, shuningdek, 2027-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatini ma’lum qildi.

Aichi prefekturasi Yaponiyaning yetakchi sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda avtomobilsozlik, mashinasozlik, aviatsiya va kimyo sanoati korxonalari jamlangan. Prefekturaning ma’muriy markazi — Nagoya shahri.