Turkiyaning elektron tijorat platformasi o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga Turkiya bozoriga chiqishga yordam beradi

O‘zbekistonning Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Turkiyaning «Trendyol» kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini «Trendyol» platformasiga joylashtirish va sotish imkoniyatlarini, shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning xalqaro elektron savdo maydonchalariga chiqishiga ko‘maklashish va eksport salohiyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Turkiya tomoni o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini platforma talablariga moslashtirish, ularni joylashtirish hamda Turkiya bozorida targ‘ib qilishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar eksport qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish, «Trendyol»ning texnik va tijorat talablarini o‘rganish, logistika, sertifikatlash, bojxona rasmiylashtiruvi va to‘lov tizimlari masalalari bo‘yicha ishlarni davom ettirish, shuningdek, mas’ul vakillar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.