O‘zbekiston va Eron savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekistonning Erondagi elchisi Fariddin Nasriyev Eron Kooperativlar palatasi raisi Bahman Abdullohiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1994-yilda tashkil etilgan Eron Kooperativlar palatasi (Iran Chamber of Cooperatives, ICC) mamlakat kooperativ sektori manfaatlarini ifodalovchi eng yuqori nodavlat vakillik organi hisoblanadi. Eronda 18 milliondan ortiq ishtirokchini birlashtirgan va 1,8 millionta ish o‘rnini ta’minlaydigan qariyb 104 mingta kooperativ faoliyat yuritadi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro savdo hajmini kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda kasbiy tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, qo‘shma loyihalar istiqbollarini o‘rganish maqsadida Eron ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Eron tomoni O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar havo qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va tegishli idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish muhimligini qayd etdi.

O‘zbekiston elchisi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini va muhokama qilingan tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirish hamda savdo, investitsiyalar va transport-logistika sohalarida amaliy natijalarga erishishga ko‘maklashish to‘g‘risida kelishib oldi.