O‘zbekiston va Tatarstan agrosanoat sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlamoqda

Rossiya Federatsiyasining Tatarstan Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi hamda Tatarstan rasmiylari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda SSP matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odiljon Rustamov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari ishtirok etdi. Tatarstan tomonidan esa Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Rustem G‘aynullov qatnashdi.

Muloqot davomida ikki hudud korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, agrosanoat majmuasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda yangi eksport imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati, logistika va investitsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Tatarstan tadbirkorlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro savdo hajmini yana-da oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.