O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari Turkiyaning Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi farmatsevtika kompaniyasi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazib, farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar, deb xabar bermoqda SSP matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Bahrom Mahmatrayemov, rais maslahatchisi Alisher Shayxov hamda turk kompaniyasining bosh direktori Tolga Pektaş ishtirok etdi.
Tomonlar asosiy e’tiborni O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, farmatsevtika sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratdilar.
Turk kompaniyasi vakillariga O‘zbekistondagi investitsiyaviy muhit, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari, investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, eksport-import faoliyatini tashkil etish shartlari haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar farmatsevtika sohasidagi amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, investitsiyalarni jalb etish va texnologiyalar transferiga ko‘maklashish, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini faollashtirishga kelishib oldilar.
Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi kompaniyasi 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, biologik faol qo‘shimchalar, kollagen, vitaminlar va boshqa sog‘liq uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, korxona mahsulotlari GMP, HACCP, ISO va Halal xalqaro standartlariga muvofiq ishlab chiqariladi hamda qator xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz