O‘zbekiston va Yaponiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida mamlakatning Markaziy Osiyo, Kavkaz va GUAM davlatlari bo‘yicha maxsus vakili, Yevropa ishlari byurosi bosh direktorining o‘rinbosari Tomoaki Ishigaki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.

Muzokaralar davomida tomonlar kelajak avlodlar manfaatlariga yo‘naltirilgan kengaytirilgan strategik sheriklik ruhida O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlarini yanada mustahkamlash istiqbollarini, shuningdek, oliy va yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, istiqbolli tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv ishtirokchilari «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatini yanada rivojlantirish hamda bo‘lajak ikki tomonlama aloqalarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ham fikr almashdilar.

Shuningdek, 2027-yilda nishonlanadigan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.