Norvegiyada barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan birinchi Norvegiya–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar bermoqda.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Norvegiya kichik va o‘rta biznes uyushmasi (“SME Norway”) bilan hamkorlikda, mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokida tashkil etildi.
Forumda “SME Norway” prezidenti Yusuf Gilani, O‘zbekistonning Norvegiyadagi elchisi Rahmatulla Nurimbetov, raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Akahiro Sakurai hamda Norvegiya tadbirkorlari uyushmasi rahbari Eyvind Skare ishtirok etib, qutlov nutqlari bilan chiqish qildilar.
Forum doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini oshirish, texnologik kompaniyalar uchun infratuzilma yaratish va autsorsing sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. “IT Park”, Samarqand va Jizzax viloyatlari vakillari mamlakatimiz salohiyati hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini taqdim etdilar.
Yusuf Gilani O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, Norvegiya kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga faolroq kirishga chaqirdi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Yangi Toshkent” meg loyihasi doirasidagi infratuzilma loyihalari taqdim etildi.
Forumda O‘zbekistonning “Talenthub”, “Z Mile”, “Global Outsourcing Partners” va “World Mmm” kompaniyalari, shuningdek, Norvegiyaning “Resilienza Holding AS” va “Sensoeconomic” kompaniyalari taqdimotlar bilan ishtirok etdilar. Tadbir B2B formatidagi ikki tomonlama muzokaralar bilan yakunlandi.
Uchrashuv yakunida “Volür”, “Mesh Youngstorget AS”, “Viznor”, “Qualcomm Tech”, “UzNord Import AS” kompaniyalari hamda “SME Norway” uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari oziq-ovqat sanoatida sun’iy intellektni qo‘llash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga joylashtirish va o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etishni qamrab oladi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlarini Norvegiyaga yetkazib berish hajmini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz