O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning eng yirik investorlaridan biri bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov «British American Tobacco» (BAT) kompaniyasining bosh korporativ direktori Kingsli Uiton bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv davomida kompaniya vakili O‘zbekiston bilan hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1994-yildan buyon kompaniyaning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari hajmi 530 million dollardan oshgan.

Ta’kidlanganidek, 2021-yildan boshlab «BAT Uzbekistan» mintaqaviy eksport xabi sifatida faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda korxona tomonidan xomashyo va tayyor mahsulotlar eksporti hajmi 95 million dollarga yetgan.

Kompaniya vakili O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirishga hamda yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv ishtirokchilari voyaga yetmaganlar tomonidan nikotin mahsulotlaridan foydalanishning oldini olish, mas’uliyatli yondashuvlarni ilgari surish va ushbu sohada innovatsion yechimlarni ko‘rib chiqish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar.

«British American Tobacco» – 1902-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Londonda joylashgan yirik xalqaro tamaki kompaniyalaridan biri. Kompaniya 170 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 48 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi. Uning 2025-yildagi daromadi 34 milliard dollarni tashkil etgan.

«BAT Uzbekistan» O‘zbekiston bozorida 1994-yildan buyon faoliyat yuritadi, 1 mingdan ortiq xodimga ega va mamlakatning yirik soliq to‘lovchilari qatoriga kiradi. 2025-yilda kompaniya davlat budjetiga 3,2 trillion so‘m to‘lagan va to‘liq xususiylashtirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish hamda yangi investitsiya imkoniyatlarini birgalikda ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.