Xorazm viloyati BAAning uchta amirligida investitsiya loyihalarini taqdim etdi

Xorazm viloyati hokimi Jurabek Rahimov boshchiligidagi delegatsiya investitsiyalarni jalb etish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishchi tashrif bilan BAAda bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

O‘zbekistonning BAA dagi elchixonasi ko‘magida Dubay, Abu-Dabi va Ras al-Xayma shaharlarida davlat tuzilmalari, savdo-sanoat palatalari hamda yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

BAAning uchta amirligida biznes-forumlar tashkil etilib, ularda Xorazm viloyatining iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etildi. Dubaydagi tadbirda 300 dan ortiq mahalliy kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Ras al-Xayma valiahd shahzodasi shayx Muhammad bin Saud bin Saqr Al-Qosimiy bilan uchrashuvda hududlararo aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Xorazmning tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini jalb etish hamda ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida delegatsiya «Guardian Glass», «Al Ameri Food Industries» va «Al Hamra Holding» kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvlar yakunida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, delegatsiyalar almashinuvini davom ettirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.