Hindiston kompaniyasi O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi vakillari Hindistonning “Bajaj Processpack Limited” kompaniyasi direktori Girish Bajaj bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Hindiston kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uchrashuvda O‘zbekistonning tabiiy, ekologik toza va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasidagi ulkan salohiyati, so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan sohani yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun berilayotgan imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

O‘zbekiston korxonalari bilan “Bajaj Processpack Limited” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu jarayonga investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Girish Bajaj mamlakatimiz bilan hamkorlik kompaniya uchun istiqbolli va o‘zaro manfaatli yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Tomonlar mahalliy miqyosda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish va ikki tomonlama shartnomalar imzolash maqsadida «Bajaj Processpack Limited» delegatsiyasining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil etishga kelishib oldilar.