Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi natijalari

Joriy yil 26-dekabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi oʻtkazildi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.

Tadbirda Turkiya Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz, Turkiya Respublikasi Palatalar va Tovar birjalari uyushmasi (TOBB) Prezidenti Rifat Hisarjiklio‘gʻlu, Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) Prezidenti N. Olpak, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hamda 300 ga yaqin ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Biznes-forum doirasida oʻzbek tomonidan Savdo-sanoat palatasi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi tomonidan biznes-forum ishtirokchilari uchun mazkur sohalarda xorijiy tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan taqdimotlar boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oʻzaro savdo aylanmasi soʻnggi 5 yilda 1,5 barobarga oshgani taʼkidlandi. Bugungi kunda Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1800 ga yaqin  korxonalar Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Bu borada, Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlarining ikki mamlakat oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini  5 mlrd dollarga yetkazish vazifasi boʻyicha barcha kuchini safarbar etishga tayyorligi maʼlum qilindi.

Tadbir ishtirokchilari ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari, xususan, farmatsevtika, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, shisha mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini qayd etishdi.

Biznes-forum yakunida bir qator kelishuvlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi, shu jumladan, “Oʻzcharmpoyabzal” uyushmasi va “TASEV” (Turkiya poyabzal sanoatida tadqiqotlar olib borish va taʼlim yoʻnalishini rivojlantirish jamgʻarmasi) oʻrtasida Anglashuv memorandumi, “Oʻzsanoatqurilishbank” va “Citibank A.S.” oʻrtasida umumiy qiymati 70 mln dollarlik hamkorlik kelishuvi, “MAREN MODA” hamda OOO “IDEAL TEKSTIL ORZU” oʻrtasida 10 mln AQSh dollari qiymatida eksport shartnomasi, “MENDERES EXPORT TEKSTIL LIMITED SIRKETI” va OOO “ART SOFT XOLDING” oʻrtasida 250 mln dollarlik investitsion shartnoma imzolandi.