Xitoy kompaniyasi mamlakatimiz charm sanoatiga o‘z investitsiyasini yo‘naltiradi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Xitoyning “Shenxiang Heshan” xalqaro import-eksport kompaniyasining Osiyo va Yevropa bo‘limi boshlig‘i Tan Ping bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi Uyushma matbuot xizmati. Muloqot mavzusi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mamlakatimiz charm sanoatiga kompaniya sarmoyasini jalb qilish masalalari bo‘ldi. 

Dastlab Uyushma tomonidan xorijiy hamkorlarga mamlakatimiz charm sanoatida so‘ngi yillarda olib borilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport ko‘rsatkichlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy investorlarga davlat tomonidan berilayotgan sharoit va imkoniyatlar, preferensiyalar to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Muloqotda Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda bugungi kunda xorijik kompaniyalarga yaratib berilayotgan sharoitlar, hukumatning qo‘llab-quvvatlashi xorijiy sarmoyalar oqimining kengayishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shu maqsadda kompaniya respublikamizning charmsanoat tarmog‘ida ham hamkorlikda qoʼshma loyihalarni moliyalashtirishga tayyor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Xitoy kompaniyaasi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda soha korxonalarini zamonaviy texnika-texnologiyalar bilan ta’minlashni moliyalashtirishni maqsad qilgan. Modernizatsiya jarayonlarida mahalliy korxonalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish niyatida. Xalq iste’moli uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishda, respublikamizning eksport salohiyatini yanada oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy yordam berishni reja qilgan.

Muloqot yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari va dasturlarni moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.