Quvayt biznesi loyihani O‘zbekistonda amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchixonasida quvaytlik tadbirkor-investor Badr Sari Xalif Sulton al-Eneziy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Quvaytlik tadbirkor O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurib, biznes loyihalarini amalga oshirish yo‘llarini o‘rgangan. Uning oilasiga qarashli “Suraya” avtomobil ehtiyot qismlari korxonasi ayni paytda Toshkent shahrida filial ochishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Badr al-Eneziy tomonidan O‘zbekistonga yuk mashinalari uchun turli ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda u hozirda Janubiy Koreya va Xitoy bilan muzokaralar olib bormoqda.

Umuman olganda, Badr al-Eneziy O‘zbekistonda biznes loyihalarini amalga oshirish uchun 350 ming dollardan 1 million AQSh dollarigacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

Quvaytlik tadbirkorning soʻzlariga koʻra, ushbu rejalarini amalga oshirish uchun u 2024-yil boshida Oʻzbekistonga borishni rejalashtirgan.