ISSV yosh investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 25-dekabr kuni Toshkent shahrida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev vazirlik rahbariyati bilan mamlakatimiz yosh investorlari va tadbirkorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ishtirok etdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarini jalb etish agentligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik, agentlik mas’ul xodimlari hamda 500 dan ortiq mamlakatimiz yosh avlodining vakillari – muvaffaqiyatli investor va ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Xurram Teshabayev yig‘ilganlarga tabrik so‘zi bilan murojaat qilar ekan, yoshlarni tadbirkorlik va sarmoyaviy faoliyatga keng jalb etish muhimligini va O‘zbekistonda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yaratilayotgan qator imkoniyatlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bugungi kunda yosh tadbirkor va investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozli yoshlar sanoat-tadbirkorlik zonalari tashkil etildi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, tadqiqotlar olib borish va startap-loyihalar sohalarida yoshlarning investitsiya loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishni bevosita qo‘llab-quvvatlovchi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Ya’ni, yosh tadbirkorlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun infratuzilmaviy rivojlangan hudud olish orqali ham, tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak olish orqali ham qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bugungi kunga qadar 700 ga yaqin yoshlar loyihalari, jumladan, 150 ga yaqin loyihalarni Yoshlar sanoat zonalarida amalga oshirish uchun jamg‘arma mablag‘lari ajratildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarning bir qancha muvaffaqiyatli yirik loyihalari motivatsion misol sifatida keltirildi. Amalga oshirilgan ushbu investitsiya loyihalari ichki bozorda, jumladan, sifatli mahsulotlarning nufuzli eksportchilari sifatida ishonchli o‘rinlarni egallab turibdi.

Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, muvaffaqiyatli tajriba almashish yoshlarga istiqbolni kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni va kelgusidagi rivojlanish rejalarini belgilash imkonini berdi.

Tadbir savol-javob bilan yakunlanib, unda yosh investorlar va tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha batafsil ma’lumotlar olish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni o‘rtaga tashlash, istiqbolli g‘oyalar bilan o‘rtoqlashish imkoniga ega bo‘ldi. Ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, yoshlarning qiziqarli innovatsion takliflarini tegishli “Yo‘l xaritalari”ga kiritish yuzasidan mas’ul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi.

Ma’lumot uchun: Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan startap-loyihalari tanlovida g‘olib bo‘lgan 26 ta loyihaga 21,5 milliard so‘m grant mablag‘lari ajratildi, shuningdek, Surxondaryo viloyatining yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun, shu jumladan, “Sanoat ipotekasi” asosida ishlab chiqarish obyektlari binolarini sotib olish uchun 40 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.