BAA bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

Joriy yilning 15-fevral kuni O‘zbekiston ishchi guruhi Birlashgan Arab Amirliklarida tashrifining ikkinchi kuni doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BAA sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri – Masdar kompaniyasi boshqaruvi raisi Sulton Ahmad al-Jobir va ushbu mamlakatning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Kun tartibidan investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

Shu tariqa, Sulton Ahmad al-Jobir bilan kimyo sanoati, metallurgiya va geologiya-qidiruv sohalarida joriy loyihalarni amalga oshirishning borishi va yangi sarmoyaviy tashabbuslarni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

“Xalifa bin Zoid al-Nahayan jamg‘armasi” bosh direktori Muhammad Hoji al-Xuriy bilan uchrashuvda Nukus shahrida ayollar va bolalar klinikasini qurish loyihasi amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Qarshi va Toshkent shaharlarida ham shunday shifoxonalar qurish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni eshitish qobiliyatini tekshirishning universal tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

International holding company bosh ijrochi direktori Sayyed Basar Shueb bilan O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash, energetika va boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq shartnomalar tuzish maqsadida kompaniya rahbariyati va ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.

ADSSC bosh direktori A. Shamsi bilan uchrashuvda asosiy e’tibor Toshkent shahridagi oqava suv tizimini DXSh tamoyillari asosida takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga qaratildi. Loyiha doirasida zamonaviy muhandislik inshootlarini qurish nazarda tutilgan. Tegishli investitsiya taklifi loyihasi joriy yilning bahorida imzolanishi rejalashtirilgan.

RAK Ceramics kompaniyasi ijrochi direktori A. Massad bilan uchrashuvda O‘zbekistonning qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishidagi sanoat salohiyati atroflicha ko‘rib chiqildi.

Eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar, xususan, kafel va kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar ishtirokchilarga manfaatlar kesishuvi nuqtalarini aniqlash hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda hamkorlikni rivojlantirish rejalarini belgilash imkonini berdi.