Mo‘g‘uliston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 9-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battseseg bilan uchrashdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmining keyingi yillarda uch barobarga o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Tomonlar joriy ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada oshirish uchun qator imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash nomenklaturasini kengaytirish va hajmini oshirish choralarini ko‘rish bo‘yicha Ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.

Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari tahlil qilindi. Qishloq xoʻjaligi, yengil va elektrotexnika sanoati sohalarida aniq loyiha takliflarini oʻzida mujassam etgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturning qabul qilinishi bu boradagi ustuvor va birinchi darajali chora-tadbirlar sifatida belgilandi. Shu nuqtai nazardan tomonlar Toshkent va Ulan-Bator shaharlarida qo‘shma biznes-forum va ko‘rgazmalar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiya tuzish toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Ta’kidlanishicha, ushbu hujjat Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston koʻp qirrali kun tartibi salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratadi.