Toshkentdagi International Hotel Mövenpick brendi ostida ish boshlaydi

“Gazeta.uz” muxbirining xabariga ko’ra, “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi Shveytsariyaning Mövenpick brendi ostida ish boshlaydi. Bu haqida Accor mehmonxonalar guruhi va InterHotel o’rtasida kelishuv imzolangan.

O‘zbekistonda birinchi besh yulduzli mehmonxona 1997-yilda Toshkent teleminorasi yonida InterContinental brendi ostida ochilgan. 2012-yil may oyida ushbu mehmonxona brendi O‘zbekistonni tark etdi (2022-yil oxirida kompaniya poytaxtda yangi mehmonxona ochdi).

Yangi brend ostida mehmonxona mehmonlarga “xizmat ko‘rsatishning eng yuqori standartlari, sog‘lom turmush tarzi, gastronomiya va oilaviy dam olishni, shuningdek, global ALL sodiqlik dasturi – Accor Live Limitless orqali qo‘shimcha imtiyozlarni taklif etadi”, — deyiladi Accor press-relizida.

“O‘zbekistonda sayyohlik infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda va biz Mövenpick Hotel Tashkent mehmonxonasining ochilishi xalqaro sayohatchilar va poytaxt aholisi uchun yana bir qulaylik bo‘lishiga ishonamiz, ular Toshkentning qoq markazidagi Shveytsariya mehmondo‘stligini qadrlashadi, – dedi Aleksis Delaroff, Accor New East Europe bosh direktori. 

“International Hotel Tashkent” mehmonxona majmuasining rebrendingi nafaqat mehmonxona xizmatlari bozoridagi mavqeimizni mustahkamlaydi, balki mehmonlarimizga dam olishlari, turli darajadagi anjumanlar va tadbirlar o‘tkazishlari uchun yaxshilangan sharoitlar bilan ta’minlashga yordam beradi, – dedi InterHotel direktori Sardor Malikov.

“Mövenpick Hotel Tashkent” mehmonxonasining ochilishi 2023-yil oxiriga rejalashtirilgan. Mehmonxona mehmonlarga turli toifadagi 174 ta xonani taklif etadi – standartdan to suitgacha, basseyn va fitnes zaliga ega spa markazi, konferentsiya zallari va 500 kishigacha bo’lgan bayramlar va korporativ tadbirlar uchun mo’ljallangan ikkita ko’p funksiyali xona. Restoran menyusi Mövenpick Hotels & Resorts tarmog’ining barcha mehmonxonalarida taqdim etiladigan Shveytsariya taomlarini o’z ichiga oladi.

1967-yilda tashkil etilgan Accor 100 dan ortiq mamlakatlardagi 5400 ta mehmonxonani turli brendlar ostida (40 dan ortiq) birlashtiradi. Samarqanddagi mehmonxona Mövenpick brendi ostida ishlaydi. Guruhning Toshkent va Buxoroda Mercure mehmonxonalari ham bor.