Xalqaro tijorat sudini tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi

Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.

O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini shakllantiruvchi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, xalqaro tijorat sudini tashkil qilish va mamlakatimiz iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini yuksaltirishga qaratilgan boshqa vositalarni joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Suma Chakrabarti 2020-yil sentabr oyida O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi etib tayinlangan edi. 2012-yil iyulidan 2020-yil iyuligacha YeTTB prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Ilgari u Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot departamentida (2002-2007) va Adliya vazirligida (2007-2012) doimiy kotib lavozimlarida ishlab kelgan.